22 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,8 °C

Salomatlik
5 Fevral  2019 1893

Tibbiyot xodimiga tajovuz qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda

Joriy yilning 29-yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Mazkur loyiha bilan o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash taklif etilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bugungi kunda bemorning o‘limi yoki sog‘lig‘i holati yomonlashishida biror-bir aybi bo‘lmasa-da, shifokorni ayblash va unga noqonuniy tajovuz qilish holatlari ko‘payib ketmoqda. Oxirgi paytlarda bunday g‘ayriqonuniy tajovuz aks etgan tasvirlar turli ijtimoiy tarmoqlarda uchramoqda.

– Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlik choralari yengildir, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik bo‘lim boshlig‘i Ruslan Muhammadiev. – Oqibatda xizmat vazifasini o‘tab turgan tibbiyot xodimlarining sog‘lig‘iga, hattoki, tiklab bo‘lmaydigan jarohat yetkazgan aybdor shaxslar ham ayrim hollarda hyech qanday jazo o‘tamasdan qolib ketmoqda. Bu esa tibbiyot xodimlarida o‘zlariga nisbatan sodir etilgan tajovuzlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishdan hyech qanday naf yo‘q, degan tushuncha paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Kuzatuvlar bunday g‘ayriqonuniy tajovuzga uchragan shifokorlarning beshtadan faqat bittasigina huquqni muhofaza qiluvchi organlarga aybdorni javobgarlikka tortishni so‘rab murojaat etishayotganligini ko‘rsatmoqda.

Yaqindagina Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Ipoteka bank” binosi oldida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimiga nisbatan zo‘ravonlik qilgan haydovchiga nisbatan sud hukmi o‘qilib, uni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilganligi to‘g‘risidagi xabarlar ommaviy axborot vositalari va Internet tarmoqlarida keng tarqaldi.

O‘tgan yil 3-avgust kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida fuqaro M.M.  tez tibbiy yordam xodimlarining kech yetib kelganini, ular kelgunga qadar bobosining vafot etganini aytib, tez tibbiy yordam shifokori Sh.Sirojiddinovga o‘rtacha og‘ir darajadagi tan jarohati yetkazgani ko‘pchilikka ma’lum. Vaholanki, ayni holatda shifokor bemorning yashash manziliga 10 daqiqa ichida yetib borgan va borgan paytda bemor allaqachon vafot etgan bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Oltiariq tuman sudining hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi M.M. Jinoyat kodeksining 105-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 2 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, lekin jazo shartli hisoblanib, 1 yil sinov muddati belgilangan. Mazkur shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qilgunga qadar ham unga nisbatan munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Oddiyroq aytganda, hyech qanday aybi bo‘lmagan, bemorga yordam berish istagida o‘z vaqtida yetib kelgan shifokorning sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmaydigan jarohat yetkazgan shaxs amalda hech qanday jazo olmagan.

E’tiborli jihati shundaki, o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan,  tegishli jismoniy va maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va yonida o‘qotar quroli ham bo‘lgan ichki ishlar xodimiga mushtumzo‘rlik qilgan qonunbuzarning harakatlari bezorilik deb baholanadi va aybdor sud hukmi bilan jazo o‘tash uchun ozodlikdan mahrum etish joylariga yuboriladi. Lekin xuddi shunday xalqqa xizmat qilayotgan oddiy shifokorning sog‘lig‘iga hyech bir sababsiz tiklab bo‘lmaydigan jarohat yetkazgan shaxsning harakatlari bezorilik deb topilmaydi va u yengilroq jazoni ko‘zda tutuvchi Jinoyat kodeksi tegishli moddasi bilan sudlanadi hamda u jazodan qutilib qoladi.

– Jamiyatimizda ko‘payib ketayotgan bunday illatni oldini olishning eng asosiy va samarali yo‘llaridan biri sifatida yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, bunday harakatlarni bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilish lozim, – deydi Ruslan Muhammadiev. – Sababi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 9-sonli “Bezorilikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarorining 13-bandiga muvofiq, basharti, shaxs o‘z xatti-harakatlari bilan ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotganligini va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganligini ham yaqqol anglagan bo‘lsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.

Shu maqsadda, yuqorida qayd etganimizdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan kiritilayotgan loyihada Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 277-moddasi uchinchi qismiga qo‘shimcha band (jinoyatning o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilishi) kiritish taklif etilmoqda. Ushbu bandda nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor, deb topilganlar uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin bo‘ladi va bu o‘z o‘rnida katta profilaktik ta’sir kuchini ko‘rsatadi.

 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech