09 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,3 °C

Hujjatlar
30 Avgust  2019 738

Oʻzbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatda amalga oshirilayotgan mavjud ilmiy-texnologik yoʻnalishlarni kengaytirish va talab yuqori boʻlgan yangi yoʻnalishlarni yaratishga qaratilgan faol investitsiya siyosati, shuningdek, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar innovatsiyalar, nano-texnologiyalar, atom energetikasi, kosmik sanoat kabi hali foydalanilmagan yuqori ilmiy hajmdor, texnologik va keng koʻlamli faoliyat yoʻnalishlaridan foydalanishni talab etadi.

Oʻzbekiston Respublikasida mashinasozlik sohasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan muhim ilmiy-texnik, sinov-ishlab chiqarish, tajriba-izlanish salohiyati, yetarli intellektual va kasbga doir resurslar, muayyan bazaviy kosmik infratuzilma mavjud.

Shu bilan birga, mamlakatda qishloq va suv xoʻjaligi, ekologiya, telekommunikatsiya, geologiya-qidiruv, kartografiya, meteorologiya, seysmologiya va shaharsozlik sohalarining samaradorligini oshirish imkoniga ega boʻlgan yerni masofadan turib zondlash, yoʻldosh aloqa, navigatsiya tizimlari kabi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida faoliyat deyarli amalga oshirilmayapti.

Mamlakatning yanada barqaror rivojlanishi, jumladan, iqtisodiyotning turli sohalarida innovatsion kosmik texnologiyalardan foydalanish orqali mavjud ilmiy-texnik salohiyatni samarali amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzbekkosmos” agentligi) tashkil etilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasining Yoʻldosh aloqa texnologiyalari boshqarmasi tugatilsin va uning boʻshaydigan 5 ta shtat birligi “Oʻzbekkosmos” agentligiga oʻtkazilsin.

Belgilansinki:

“Oʻzbekkosmos” agentligi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yoʻnalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

“Oʻzbekkosmos” agentligi xodimlarining cheklangan soni 37 ta shtat birligini tashkil etadi;

“Oʻzbekkosmos” agentligi bosh direktori, bosh direktor oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

“Oʻzbekkosmos” agentligi bosh direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shartlariga koʻra vazirning birinchi oʻrinbosariga, bosh direktor oʻrinbosarlari esa vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;

“Oʻzbekkosmos” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

3. Quyidagilar “Oʻzbekkosmos” agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yoʻnalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

kosmik faoliyat, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

kosmik faoliyat sohasining lozim darajada rivojlanishi, sohaga tegishli va u bilan bogʻliq ishlar, xizmat koʻrsatishning bajarilishini taʼminlash maqsadida kosmik faoliyat sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

kosmik tarmoq infratuzilmasi, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, ilmiy-izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlarni rivojlantirish boʻyichakompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

kosmik faoliyatning barcha yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni, jumladan, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

stratosfera va boshqa uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek, yerni masofadan turib zondlash va yoʻldoshli aloqa kosmik apparatlarini qoʻllagan holda davlat organlariga masalalarni hal etish samaradorligini oshirishda koʻmaklashish;

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

xorijiy investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni kosmik faoliyat sohasiga, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, donor-mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish;

kosmik va yoʻldosh texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy tijorat tuzilmalari, ishlab chiqaruvchilar va moliya resurslarining keng jalb etilishini taʼminlash;

kosmik faoliyatning ayrim yoʻnalishlari tijoratlashtirilishini ragʻbatlantirish.

4. “Oʻzbekkosmos” agentligi huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mudofaa vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasidagi xalqaro ekspertlarni oʻz tarkibiga kiritgan Ilmiy-texnik va ekspert kengashi tashkil etilsin.

Belgilansinki, kosmik tarmoqni rivojlantirishning strategik masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilish “Oʻzbekkosmos” agentligining Ilmiy-texnik va ekspert kengashi xulosalari asosida amalga oshiriladi.

5. 2019-2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

7. “Oʻzbekkosmos” agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

2019-yil 1-noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasining Kosmik faoliyat toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

2020-yil 1-iyulga qadar 2020-2030 yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirish davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Dastur loyihasini ishlab chiqishda quyidagi masalalarni hal etishga alohida eʼtibor qaratilsin:

Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha yaxlit koʻrishni ishlab chiqish va strategik vazifalarni samarali hal qilish;

sanoat va ekologik xavfsizlikning yuqori darajasini taʼminlovchi zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda kosmik tarmoq va tegishli infratuzilma obyektlarini qurish;

oliy taʼlim muassasalarida hamda oʻquv markazlarida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasi mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etish.

8. “Oʻzbekkosmos” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda kosmik faoliyatni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar va grantlarni jalb qilish maqsadida Dastur doirasidagi loyiha takliflari pasportini Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga kelgusida xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar bilan koʻrib chiqish uchun taqdim etsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti                                Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 30-avgust.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech