12 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +0,5 °C

Hujjatlar
24 Oktyabr  2019 439

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligini isloh qilish, xususan, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi subyektlar oʻrtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatga moʻljallangan strategiyaning mavjud emasligi yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga, sohaga investitsiyalarni keng jalb etishga, ishlab chiqaruvchilarning yuqori daromad olishiga va mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, yer va suv munosabatlarini takomillashtirish, qulay agrobiznes muhitini va yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, sohaga bozor mexanizmlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish hamda kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasi (keyingi oʻrinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xarita”si (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xarita”si) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar Strategiyani amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash va isteʼmol ratsionini yaxshilash, talab etiladigan miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni nazarda tutuvchi oziq-ovqat xavfsizligi davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish, sifat nazorati infratuzilmasini rivojlantirish, eksportni ragʻbatlantirish, maqsadli xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, yuqori qoʻshilgan qiymatli qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi qulay agrobiznes muhitini va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish;

qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻini modernizatsiyalash, diversifikatsiya qilish va barqaror oʻsishini qoʻllab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya kapitali oqimini koʻpaytirishni nazarda tutuvchi sohada davlat ishtirokini kamaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish;

yer va suv resurslari, oʻrmon fondidan oqilona foydalanishni nazarda tutuvchi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish;

qishloq xoʻjaligida davlat boshqaruvi tuzilmasini restrukturizatsiya qilish va yanada rivojlantirishni nazarda tutuvchi boshqaruvning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish;

fermer xoʻjaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan tarmoq dasturlarini ishlab chiqish orqali davlat xarajatlari samaradorligini oshirish va bosqichma-bosqich qayta taqsimlash;

qishloq xoʻjaligida ilmiy-tadqiqot, taʼlim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan bilim va maʼlumotlarni tarqatishning samarali shakllarini qoʻllashni nazarda tutuvchi ilm-fan, taʼlim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish;

qishloq joylarini muvozanatli va barqaror taraqqiy ettirishga koʻmaklashishni nazarda tutuvchi qishloq hududlarini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish;

zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali statistik maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli uslublarini joriy etishni nazarda tutuvchi tarmoq statistikasining shaffof tizimini yaratish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi etib belgilansin.

4. Muvofiqlashtiruvchi kengash (A.N.Aripov):

Strategiyaning toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etsin hamda belgilangan indikatorlarga erishish ustidan doimiy monitoring olib borsin;

bir oy muddatda Strategiyaning har bir asosiy yoʻnalishi boʻyicha malakali mutaxassislardan, shu jumladan, xorijiy ekspertlardan iborat tarkibda doimiy ishlovchi ishchi guruhlarini, ularga xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar grantlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilagan holda shakllantirsin;

Strategiya va “Yoʻl xarita”sini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari sifatli va oʻz muddatida ishlab chiqilishi hamda belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin;

har yili 1-dekabrga qadar joriy yil uchun belgilangan vazifalarning bajarilishini chuqur tahlil etgan holda Strategiyani amalga oshirish yuzasidan kelgusi yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi sifatli ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini tashkil etsin;

har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga Strategiyani amalga oshirish boʻyicha bajarilgan ishlar haqida axborot taqdim etib borsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda mazkur Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning toʻliq va oʻz muddatlarida bajarilishini taʼminlash maqsadida vazirlik tuzilmasida qoʻshimcha 4 ta shtat birligidan iborat masʼul boshqarma tashkil etsin hamda xorijiy ekspertlar jalb etilishini taʼminlasin.

Xorijiy ekspertlarni jalb etish vazirlikning byudjetdan tashqari hamda xalqaro moliya institutlarining grant va texnik koʻmak mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilansin

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-oktyabrdagi PQ-4486-son “Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzurida Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tashkil etilganligi hamda unga suv xoʻjaligi sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuklatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi mavjud investitsiya loyihalari, loyihalarni amalga oshirish guruhlari, shuningdek, huquqlar, majburiyatlar va shartnomalar saqlab qolingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tarkibiga oʻtkazilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari byudjetlari parametrlarida qishloq xoʻjaligi xarajatlari tarkibini diversifikatsiya qilishning maqsadli yoʻnalishlari 4-ilovaga muvofiq belgilansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga:

Strategiya oʻz vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;

amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining axborotlari har chorakda Senat, Qonunchilik palatasi va tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida eshitib borilishini taʼminlash tavsiya etilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmonning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti                             Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 23-oktyabr.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech