12 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +0,5 °C

Hujjatlar
31 Oktyabr  2019 356

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni kompleks oʻrganish, tahlil qilish va baholashning yaxlit va mustaqil tizimini shakllantirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirish, ularni yanada rivojlantirishga oid takliflarni ishlab chiqish uchun ilmiy-amaliy maydon yaratish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashining samarali faoliyatini taʼminlash maqsadida:

1. Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Taʼsischilar kengashining institutni Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) etib qayta tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:

xalq bilan muloqot holati va rivojlanishini oʻrganish, davlat organlari faoliyati ochiqligini tizimli tahlil qilish.

fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida ilmiy va ekspert doiralar ishtirokida fundamental va amaliy tadqiqotlar tashkil etish
va oʻtkazishga koʻmaklashish, ularning natijalarini umumlashtirish asosida oʻrta va uzoq istiqbolda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning milliy modelini yanada takomillashtirish va strategik yoʻnalishlarini belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

fuqarolik jamiyati rivojlanishining normativ-huquqiy tartibga solinishi holatini va ushbu sohada huquqni qoʻllash amaliyotini tizimli oʻrganish va tahlil qilishni tashkil etish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, jamoatchilik boshqaruvida ularning ishtirokini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha takliflar tayyorlash;

ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni oʻrganish va tahlil qilishni tashkil etish, davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligi, ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish choralarining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

fuqarolik jamiyati rivojlanishini, uning institutlarining davlat organlari bilan hamkorlik darajasini, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qoʻshgan hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish va joriy etishni tashkillashtirish, ular asosida Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati holati va rivojlanish tendensiyalari haqida davriy va maxsus ilmiy-tahliliy maʼruzalar hamda boshqa materiallar tayyorlash;

demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonlarini, aholining ijtimoiy kayfiyatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va boshqa vazifalarni hal etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini, ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini oʻrganish va tizimli tahlil qilish;

raqobatdosh koʻppartiyali tizimning rivojlanish darajasini tizimli tahlil qilish, siyosiy partiyalar tomonidan oʻz elektorati manfaatlari yoʻlida oʻtkaziladigan tadbirlarning samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, fuqarolar faolligini oshirish, shuningdek, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokining muammolarini tizimli oʻrganish;

fuqarolik jamiyatini tashvishga solayotgan dolzarb masalalar boʻyicha ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazishni tashkil etish, ularning yakunlarini tahlil qilish va umumlashtirish, shu asosida sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy vazifalarni hal etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasidagi davlat siyosati va uning amaliy natijalari haqida jamoatchilik fikrini tizimli oʻrganishni tashkil etish, umumlashtirish va tahlil qilish, tegishli ijtimoiy tadqiqotlar oʻtkazish;

fuqarolik jamiyati institutlari vakillariga tegishli professional koʻnikmalarini shakllantirishda va ishbilarmonlik malaka darajasini oshirishda koʻmaklashish;

davlat va jamiyat oʻrtasida ochiq muloqotni tashkil etish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, aholi bilan qayta aloqa mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etishning optimal yondashuvlarini ishlab chiqish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda fuqarolik jamiyati institutlariga koʻmaklashish borasida rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini oʻrganish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi faoliyatini tashkiliy-uslubiy va axborot jihatdan taʼminlash.

3. Markaz va uning hududiy boʻlinmalarining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 115 nafardan iborat boʻlgan tuzilmalari 1 va 2-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.

Markaz direktori, zarur hollarda, Markaz va uning hududiy boʻlinmalari tuzilmalariga belgilangan umumiy shtat soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqiga egaligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

4. Belgilansinki:

Markaz nodavlat notijorat tashkiloti shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi;

Markaz qayta tashkil etilayotgan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining huquq, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Markaz direktori lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi rahbari oʻrinbosari hisoblanadi;

fuqarolik jamiyati institutlari huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Markaz bilan ham kelishiladi;

Markaz oʻz vazifalarini bajarishi uchun shartnoma asosida yetakchi ilmiy, taʼlim va tahliliy, shu jumladan, xorijiy muassasalar ekspertlarini jalb etish huquqiga ega;

davlat organlari rahbarlari Markazga har tomonlama koʻmaklashadi, jumladan, Markaz oʻz vazifalarini bajarishi uchun unga zarur shart-sharoitlar yaratadi, shuningdek, soʻralgan maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etadi, Markaz tomonidan oʻtkazilgan tahlillar yakunlari boʻyicha kiritilgan materiallar va tavsiyalarni koʻrib chiqadi;

2019-yil 1-noyabrdan Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra Markaz xodimlarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari ikki baravar oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.

Qayd etilsinki, ushbu bandning sakkizinchi xatboshisida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi tomonidan subsidiya shaklida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

5. Markazni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan taʼminlash tartibi saqlab qolinsin.

Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirishning qoʻshimcha manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar;

xalqaro moliya va boshqa institutlar, chet el tashkilotlari grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlardan tushgan tushumlar, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasiga, shuningdek, Markazning taʼsischi – tashkilotlariga har yili uning buyurtmanomalariga binoan Markaz faoliyatining asosiy vazifa va yoʻnalishlari bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutish tavsiya etilsin.

6. Markazga:

fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari boʻyicha seminarlar, ilmiy va ekspert muhokamalarini muntazam oʻtkazish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchilarini hamda ekspert-tahlil yoʻnalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy va boshqa taʼlim muassasalari talabalari (tinglovchilari)ni ish oʻrganuvchi-tadqiqotchi sifatida jalb etgan holda ilmiy-oʻquv laboratoriyalarini tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirgan holda 2020-2022 yillarda Markaz xodimlarini fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga ixtisoslashgan yetakchi xorijiy tadqiqot va tahliliy institutlariga ish oʻrganish uchun yuborish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish tavsiya etilsin.

7. Belgilansinki:

a) fuqarolik jamiyati rivojlanishi boʻyicha Markaz tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar va tahlillarning natijalari:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati yigʻilishlarida muntazam muhokama qilinadi, yakunlari boʻyicha tegishli choralar koʻriladi;

ommaviy axborot vositalarida, markaziy davlat telekanallarida, matbuot nashrlarida va ushbu Markazning veb-saytida doimiy yoritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga fuqarolik jamiyati rivojlanishi boʻyicha Markaz tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar va tahlillarning natijalarini parlament va uning qoʻmitalari (komissiyalar) majlislarida koʻrib chiqish amaliyotini joriy qilish tavsiya etilsin;

b) Markaz har yili Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va uni rivojlantirish tendensiyalari toʻgʻrisidagi maʼruzani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi, u esa, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot beradi.

8. Markazga uch oy muddatda fuqarolik jamiyati rivojlanishini, uning institutlarining davlat organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik darajasini, shuningdek, ularning mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy jihatdan rivojlantirishga, shu jumladan, 2030-yilgacha boʻlgan davrda BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish doirasida qoʻshgan hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.

9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

a) Markaz hududiy boʻlinmalarining egallab turgan binolaridan begʻaraz foydalanish huquqi saqlanib qolishini taʼminlasin;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari mablagʻlari hisobidan:

Markaz hududiy boʻlinmalari oʻz vazifa va funksiyalarini samarali bajarishi uchun zarur moddiy-texnik sharoitlar yaratib bersin;

Markaz hududiy boʻlinmalari buyurtmanomalari asosida bino va xonalarni joriy taʼmirlash, ularni zamonaviy orgtexnika, mebel va zarur aloqa turlari bilan jihozlash boʻyicha ishlarni tashkil etsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Markazga xorijiy tadqiqot muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda, tajriba almashish hamda zamonaviy uslub va yondashuvlar asosida fuqarolik jamiyati rivojlanishini oʻrganishni tashkil etish va tahlil qilish koʻnikmalarini takomillashtirish uchun ularning malakali mutaxassislarini jalb etishda koʻmaklashsin.

11. Markaz:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga kiritilsin;

b) quyidagi majburiy joʻnatmalar reyestriga kiritilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Moliya, Iqtisodiyot va sanoat, Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, boshqa vazirliklar va idoralarning statistik maʼlumotlari;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazi byulletenlari va kunlik maʼlumotlari toʻplami;

ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi xorijiy matbuot sharhlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari institutining tahliliy maʼruza maʼlumotnomalari.

12. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.J.Xadjayev va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimovga fuqarolik jamiyati rivojlanishini oʻrganish va tahlil qilish natijalari ommaviy axborot vositalarida, markaziy davlat telekanallarida, matbuot nashrlarida doimiy yoritilishi;

vazirliklar, idoralar, boshqa davlat organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlariga Markaz oʻz vazifalarini samarali amalga oshirishi uchun unga har tomonlama va toʻliq koʻmaklashish yuzasidan shaxsan javobgarligi koʻrsatib oʻtilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-martdagi “Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–2851-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markazni mazkur qarorga muvofiq belgilangan tartibda qayta roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshirsin.

15. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti                               Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 30-oktyabr.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech